Deylik, siz Yevropaning 26 davlatida joylashgan biror universitetga imtihon uchun bormoqchisiz yoki imtihondan 6 oy, 1 yil avval o’sha mamlakatga borib til o’rganishga qaror qildingiz. Yoki universitet uchun hujjat tayyorlash uchun Yevropa mamlakatiga shaxsan borishingiz shart, masalan, attestatni nostrifikatsiya qilish, hujjatlarni mahalliy tilga tarjima qildirish va hokazo uchun.
Bunday hollarda siz Schengen viza uchun ariza topshirishingiz kerak bo’ladi. Arizani qaysi mamlakatda o’qimoqchi bo’lsangiz, o’sha mamlakat elchixonasiga topshirish zarur. Xo’sh, ariza bilan birga qanday hujjatlar talab etiladi?
- Ariza
- Pasport
- 2 ta rasm (3.4×4.5)
- Aviabilet
- Turar joy
- Bank hisobi
- Tibbiy sug’urta
- Sabab
- Ariza to’lovi
Ariza
Ariza blankasini google orqali yoki elchixona web-sahifasidan osongina topa olasiz. Schengen viza maqsadga ko’ra 3 xil – Schengen viza A (tranzit uchun), Schengen viza B (sayohat uchun) va Schengen viza C (o’qish, ish va biznes uchun). Agar siz imtihonga yoki o’quv kursiga ketayotgan bo’lsangiz, sizga Schengen viza D blankasi mos keladi. Boshqa hollarda, Schengen viza B blankasini to’ldiring. Ariza blankasini bevosita elchixonaning o’zida to’ldirsangiz ham bo’ladi. U yerda kerakli ariza blankasini sizga bepulga taqdim qilishadi.
Aviabilet
Agar aviabilet hali sotib olmagan bo’lsangiz, hech qisi yo’q. Elchixona uchun aviabilet broni haqidagi qog’oz ham “o’tadi”. Bunday bron qog’ozini istalgan aviakassa bepulga chiqarib beradi. Faqat ularga Yevropaga qachon borib, qachon qaytmoqchilingizni aytsangiz kifoya.
Turar joy
Turar joyni booking.com, airbnb.com kabi xalqaro platformalardan amalga oshirsangiz, emailingizga bron haqida tasdiq xabari keladi. Uni printerdan chiqaring va arizaga ilova qiling.
Bank hisobi
Elchixonaga, albatta, xalqaro to’lov kartasi (Visa yoki Mastercard) hisobidan ma’lumotnoma olib keling. Visa, Mastercard hisobini hozirgi kunda ko’pgina banklar sizga bepulga ochadi. Bank hisobi qoldig’i haqidagi ma’lumotnomani (bank pechati bilan) istalgan bank ofisida olishingiz mumkin.
Bank hisobida necha pul ko’rsatish sizning Yevropada necha kun turmoqchi ekanligingizga bog’liq. Yevropa mamlakatlari talab qiladigan mablag’ kuniga €50 dan €100 gacha bo’lishi mumkin. Masalan, Chexiya talabiga ko’ra (€50 / 1 kun), siz 1 oylik yashash uchun hisobingizda €1500 ekvivalentdagi mablag’ni ko’rsatishingiz kerak. Belgiya talabiga ko’ra (€100/1 kun), hisobingizda minimum €3000 bo’lishi shart.
Aynan siz qancha pul ko’rsatishingiz kerakligini bilish uchun, elchixona web-sahifasidan uning emailini toping va nima sababdan Schengen vizaga ariza topshirayotganligingizni, qancha vaqtga bormoqchiligingizni va hisobda qancha pul ko’rsatishingiz kerakligini so’rab, xabar yuboring.
Tibbiy sug’urta
Tibbiy sug’urtani hozirda uydan chiqmay bir zumda hal qilish mumkin. Batafsil shu yerda.
Sabab
Viza olish sababi turlicha bo’lishi mumkin. Masalan:
- Til o’rganish. Bunda sizga til o’rgatish markazidan til kursiga yozilganingiz haqida tasdiqnoma kerak. Buni sizga til kursi email orqali jo’natishi mumkin. Ba’zi Yevropa davlatlari sizga viza berishi uchun til kursida xaftasiga eng kamida 20-25 soat qatnashishingizni talab qiladi. Shuning uchun til kursi (dasturi) tanlashda, til markazi taqdim qilayotgan eng intenziv kursni (soati ko’proq) tanlashga harakat qiling.
- Imtihon. Elchixonaga imtihonda qatnashishingiz kerakligi haqida biror ma’lumotnoma kerak bo’ladi. Agar emailingizga universitetdan imtihonda qatnashish uchun taklifnoma kelgan bo’lsa, uni printerdan chiqarib, arizaga ilova qilish kifoya. Yoki universitet o’quv bo’limiga sizning imtihonda qatnashishingiz kerakligi haqida ma’lumotnoma tayyorlab berishlarini so’rab, email yozing. Ba’zi universitetlar imtihonning aniq sanasini juda kech belgilaydi, ya’ni imtihonga 1-2 xafta qolganda. Agar buni oldindan bilsangiz, fakultet o’quv bo’limiga sizga imtihonda qatnashish taklifnomasini ertaroq tayyorlab berishlarni so’rab, xabar yozing. Ma’lumotnomada imtihon aniq sanasi emas, imtihon o’tkaziladigan oy ko’rsatilsa ham bo’laveradi.
- Boshqa maqsadlarda. Masalan, universitetga hujjat tayyorlash va topshirish uchun. Nostrifikatsiya, attestat tarjimasi va hokazo uchun ko’p hollarda o’zingiz shaxsan bo’lishingiz talab etiladi. Bunday hollarda, siz shunchaki Schengen B viza, ya’ni sayohat uchun ariza topshirishingiz kerak. Elchixonaga nima maqsadda ketayotganligingizni og’zaki yoki yozma bayon qilishingiz mumkin.
Ariza to’lovi
- €80
Universitetga qabul qilindingiz
Elchixonaga yuqoridagi hujjatlar bilan birga qabul qog’ozini (yoki emailga kelgan tasdiq xabarni) arizaga ilova qilasiz. Yevropaga kelgandan so’ng, yagona qiladigan ish O’zbekistonda olgan tibbiy sug’urtani mahalliy tibbiy sug’urtaga almashtirib olish.