Chet elga ishlagani, o’qishga ketayotgan bo’lsangiz yoki chet el universitetiga hujjat tayyorlayotgan bo’lsangiz, hujjatlaringiz tarjimasiga alohida e’tibor bering.
Attestat
Chet el universiteti sizdan attestatni davlat tiliga tarjima qilishni talab qilyaptimi yoki unga inglizcha tarjima ham yetadimi, shuni aniqlashtirib oling. Agar inglizcha tarjima kifoya qilsa, unda siz hech qanday ortiqcha ish qilishingiz shart emas. Chunki O’zbekiston attestati shundoq ham 3 xil tilda, o’zbek, rus va ingliz tilida beriladi. Agar universitet sizdan attestatning davlat tilidagi tarjimasini so’rayotgan bo’lsa, unda siz ushbu davlatda ro’yxatdan o’tgan rasmiy tarjimon xizmatidan foydalanishingizga to’g’ri keladi. Chunki O’zbekistondagi tarjimonlar, firmalar tarjimasi ayniqsa Yevropa mamlakatlari uchun “o’tmaydi”. Bunday vaziyatda sizda 2 ta yo’l bor:
- Ushbu davlatga shaxsan borib, kerakli tarjima xizmatini topib, attestatni tarjima qilish uchun shaxsan topshirish
- Yoki attestatni tarjima uchun pochta orqali yuborish va xizmat uchun to’lovni ham online amalga oshirish. Hozirgi kunda bu keng foydalaniladigan usul.
- Elchixona orqali. Elchixonadan, albatta, ular qiladigan tarjima o’sha mamlakatda “sworn” yoki “official” (rasmiy kuchga ega) ekanligini albatta so’rang.
Universitetning o’sha davlatda ro’yxatdan o’tgan rasmiy tarjimon tarjimasini talab qilishining yana bir sababi – attestatdagi baholar. O’zbekistondagi baholash tizimi (5-a’lo, 4-yaxshi va hokazo) Yevropa ta’limi baholash tizimidan farq qiladi va rasmiy tarjimon attestatni tarjima qilish vaqtida, sizning baholaringizni o’sha davlatning milliy baholash tizimiga bir yo’la tarjima qilib ketadi.
Chet mamlakatda O’zbekistonda berilgan attestatni nostrifikatsiya qilishga to’g’ri kelsa (universitet talablariga ko’ra), unda siz attestatni albatta mahalliy rasmiy tarjimon orqali tarjima qildirishingiz shart. Nostrifikatsiya qiluvchi organ hujjatlarni faqat davlat tilida qabul qiladi.
Diplom va ilova
Diplom va ilova tarjimasi ham, huddi, attestat tarjimasi kabi.
Tug’ilganlik haqidagi guvohnoma
Yevropaning biror mamlakatida vaqtinchalik yashash uchun (masalab, o’qish yoki ishlash maqsadida) ilk bor ariza topshirayotgan O’zbekiston fuqarolari arizaga tug’ilganlik haqidagi guvohnomani ham ilova qilishlari shart va bu, albatta, davlat tiliga rasmiy tarjimon tomonidan tarjima qilingan bo’lishi kerak.
Nikoh guvohnomasi
Agar Yevropa mamlakatida yashash uchun arizani turmush o’rtog’ingiz bilan birga topshirayotgan bo’lsangiz, unda nikoh guvohnomasi ham rasmam tarjima qilinishi kerak.
❗❗❗ Yodda tuting: Yuqoridagi hujjatlarni tarjima qilishdan oldin ularni albatta apostillash shart. Tarjima qilinggan hujjatlarni notarius orqali “asliga to’g’ri” qilib, 2-3 ta kopiya qilib olishni unutmang va doim kerakli joylarga faqat notarial kopiyasini topshiring.
✅✅✅ Chet el universiteti qabuli uchun yoki viza uchun qandaydir hujjat olayotganda (sudlanmaganlik to’g’risida, tibbiy ma’lumotnoma, bank hisobi, apostil va hokazo), iloji boricha, O’zbekistonda hujjatni ingliz tilida olishga harakat qiling, yoki eng kamida rus tilida. Chunki chet elda, ayniqsa Yevropa mamlakatlarida hujjatlarni o’zbek tilidan tarjima qiladigan rasmiy tarjimonlar topish mushkul. Ingliz, yoki rus tilidan esa ancha oson va arzon.