Deyarli barcha Yevropa universitetlari chet el fuqarolaridan attestat/diplomni nostrifikatsiya qilish talabini qo’yadi. Nostrifikatsiya – bu sizning olgan (o’rta/oliy) ta’limingiz ushbu davlatda tan olinadimi yoki yo’qmi, shuni tekshirish.
Nostrifikatsiya uchun kimga murojaat qilish kerak?
Nostrifikatsiya uchun javobgar organlar har bir mamlakatda turlicha bo’lishi mumkin: universitetning o’zi, ta’lim vazirligi, shahar hokimiyati, davlat xizmatlari markazi va hokazo. Bundan tashqari, attestat va bakalavr diplomini nostrifikatsiya qilish vakolati boshqa-boshqa tashkilotda bo’lishi mumkin. Masalan, Slovakiya yoki Chexiyada attestat tekshirishni har bir shaharda joylashgan davlat xizmatlari markazi amalga oshirsa, diplom nostrifikatsiyasi bilan universitetlarning o’zi yoki ta’lim vazirligining nostrifikatsiya bo’limi shug’ullanadi.
Yevropa mamlakatida nostrifikatsiya uchun hujjatni qayerga topshirish kerakligini bilish juda oson. Siz o’qimoqchi bo’lgan fakultet o’quv bo’limiga email orqali, nostrifikatsiya uchun kim javobgar ekanligini so’rab, qisqa xabar yozing.
Nostrifikatsiya uchun arizani pochta orqali yoki online topshirish deyarli imkonsiz. Shuning uchun hujjatlarni shaxsan o’zingiz yoki sizning o’rningizga boshqa bir shaxs ham olib kelishi mumkin.
Nostrifikatsiya uchun qanday hujjatlar ilova qilinadi?
- Ariza. Ariza blankasini internetdan yoki ariza topshirish tashkilotida bepulga topasiz.
- Attestat/Diplom/Ilova. Hujjat appostillangan va davlat tiliga tarjima qilingan bo’lishi kerak.
- Pasport
- Ariza to’lovi. Ariza to’lovi o’rtacha €50 dan €100 gacha bo’lishi mumkin
Qanchada tayyor bo’ladi?
Nostrifikatsiya (ta’limingiz tan olinganligi haqida hujjat) odatda 1 oydan 2 oygacha vaqt mobaynida ko’rib chiqiladi. U tayyor bo’lgandan so’ng, sizga telefon yoki email orqali xabar qilinadi va uni shaxsan olib ketishingiz mumkin.
Hali attestat/diplomimni olmagan bo’lsamchi?
Ba’zi universitetlar ta’limingiz tan olinganligi haqidagi hujjatni arizaga ilova qilishni talab qilsa, ba’zilari esa imtihon kunigacha yoki o’qish boshlanguncha topshirishga ruxsat beradi. Agar universitet web-sahifasida bu haqida aniq ma’lumot topolmasangiz, fakultet o’quv bo’limidan email orqali nostrifikatsiya hujjatini qachongacha topshirish kerakligini so’rang. Lekin universitet sizdan hozirgi kungacha siz yakunlagan fanlar va baholar tarjimasini talab qilishi mumkin. Bundan tashqari, o’quv yili va so’nggi imtihonlar qachon bo’lib o’tishi haqida siz o’qiyotgan ta’lim dargohidan ma’lumotnoma ham so’rashi mumkin. Batafsil ma’lumotni o’quv bo’limidan olasiz.
❗❗❗Yodda tuting: Nostrifikatsiya qog’ozini notarius orqali “asliga to’g’ri” qilib, 2-3 ta kopiya qilib olishni unutmang va doim kerakli joylarga faqat notarial kopiyasini topshiring.